O‘zbekistonda mamlakatning har bir fuqarosiga yirik kompaniyalarning aksiyadori bo‘lish imkoniyatini beradigan “Xalqchil IPO” dasturi ishga tushirildi. Xo‘sh, “Xalqchil IPO” o‘zi nima va unda qanday ishtirok etish mumkin?
IPO (ay-pi-o) – nima degani? IPO (Initial Public Offering) – bu aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishdir. Sodda qilib aytganda, kompaniya o‘z aksiyalarini (biznesdagi ulushlarini) odamlarga sotadi. Aksiyalarni xarid qilgan shaxslar aksiyadorlarga – ya’ni, ushbu kompaniyaning yirik bo‘lmagan ulushi (qismi) egasiga aylanishadi. Agar kompaniya muvaffaqqiyatli faoliyat yuritsa, aksiyalarning narxi ko‘tarilishi va aksiyadorlar bundan daromad topishlari mumkin.
“Xalqchil IPO” nima? “Xalqchil IPO” - O‘zbekistondagi maxsus dastur bo‘lib, u oddiy fuqarolarga mamlakatning yirik kompaniyalari aksiyalarini sotib olish imkonini beradi. Ushbu dastur doirasida aksiyalar istalgan shaxslar uchun savdoga chiqariladi, va unda siz ham ishtirok etib, aksiyador bo‘lishingiz mumkin!
Ushbu dasturda qaysi kompaniyalar ishtirok etadi? Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ushbu dasturning birinchi bosqichida quyidagi kompaniyalarning aksiyalarini sotib olishni taklif qilmoqda:
- - "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati” (O‘zbekistondagi yirik kon-metallurgiya korxonalaridan biri),
- - “O‘zbektelekom” (O‘zbekistondagi yirik aloqa operatori),
- - “O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” (“O‘zRTXB”) (O‘zbekistonda dividendlar to‘lash bo‘yicha yetakchi kompaniya),
- - “O‘ztemiryo‘lkonteyner” (yuk tashish).
Aksiyalarni qanday sotib olish mumkin?
Aksiyalarni sotib olishning 3 usuli mavjud:
1. Broker orqali.
2. Mobil ilovalar orqali: Click to‘lov tizimi (tez orada) va Go Invest (tez orada) investitsiya ilovalasi
3. E-auksion maxsus platformasi orqali
Xalqchil IPO-ning foydali jihatlari nimada? Aksiyador bo‘lish orqali Siz:
- - Kompaniya aksiyalarining qiymati oshsa - foyda olishingiz,
- - Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ishtirok etishingiz, yirik kompaniyaning ulushi egasi sifatida kompaniya daromadining aksiyadorlarga to‘lanadigan qismi – dividendlarga ega bo‘lishingiz mumkin.
- - Dastur hamma uchun aksiyalarni sotib olishda qulayliklar yaratishga va odamlarga mamlakatimiz kelajagiga sarmoya kiritish imkonini berishga yo‘naltirilgan.
Batafsil ma’lumotni qayerdan olish mumkin? Kompaniyalar, aksiyalar, narxlar va buyurtma berish muddatlari haqidagi barcha ma’lumotlar Xalqchil IPO rasmiy kanallarida, dasturda ishtirok etadigan kompaniyalarning rasmiy kanallarida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
“Xalqchil IPO” dasturi O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun yirik korxonalar aksiyadori bo‘lish va mamlakat kelajagiga hissa qo‘shish uchun ajoyib imkoniyatdir.