Yurtimizda 15-sentabrdan boshlangan “Yong‘indan ogohlik” umummilliy bir oylik kampaniyasi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligida xodimlar uchun yong‘in xavfsizligi bo‘yicha seminar – trening tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mirobod tumani Favqulodda Vaziyatlar bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, xodimlarga yong‘in xavfsizligi sohasidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, yong‘inlarning kelib chiqish sabablari va ularni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, seminar davomida favqulodda vaziyatlarda xodimlarning to‘g‘ri harakat qilishi, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni evakuatsiya qilish tartibi hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Seminarning ikkinchi qismida “Shaxsiy va jamoa himoya vositalari” mavzusi yoritilib, xodimlarga nafas olish organlari va terini himoya qiluvchi vositalar, xususan respiratorlar, gazniqoblar, maxsus kiyimlar hamda jamoaviy himoya inshootlaridan foydalanish tartibi tushuntirildi.
Mashg‘ulotning amaliy qismida yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqish o‘tkazildi. Xodimlar o‘zlari ham o‘t o‘chirgich yordamida yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha mashq bajarib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.
Mazkur seminar-trening xodimlarning yong‘in xavfsizligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda o‘zini va atrofdagilarni himoya qilishga doir tayyorgarligini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.