Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6099-son hamda 2025-yil 19-iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–95-son Farmonlariga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va ommaviy sportni rivojlantirish doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligida sportchi, murabbiy, diyetolog va motivator, “Nero fit” sport majmuasi asoschisi, Oʻzbekiston fitnes va bodibilding federatsiyasi a’zosi Axad Xudayarov ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi. Tadbirda Davlat aktivlari agentligi markaziy apparati, hamda tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Ma’ruza davomida Axad Xudayarov sogʻlom turmush tarzining uch asosiy yoʻnalishiga alohida toʻxtaldi. Unga koʻra, toʻgʻri ovqatlanish inson uchun energiya va salomatlik manbai hisoblanadi. Muntazam jismoniy mashqlar esa intizom va kuchni shakllantiradi. Psixologik barqarorlik esa har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishning asosiy kaliti ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u zamonaviy ofis sharoitida sogʻlom odatlarni shakllantirish, vaqtni toʻgʻri taqsimlash, zararli odatlardan voz kechish va motivatsiyani yoʻqotmaslik bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Davlat aktivlari agentligi xodimlari bilan oʻtgan suhbat jarayonida sportning nafaqat tanani chiniqtirish, balki intizom, sabr-toqat va professional yutuqlarga erishishda muhim omil ekaniga alohida urgʻu berildi.
Tadbir yakunida esa xodimlar Axad Xudayarovga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni yoʻllab, kundalik hayotda sogʻlom turmush tarzini qoʻllash boʻyicha foydali tavsiyalar oldilar.