Mamlakatimiz boʻylab, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha Hukumat komissiyasi yigʻilishining 2-bayonida yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy soha obyektlarida “Yongʻin xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazish belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshligʻining 2025-yil 16-yanvardagi 1-son buyrugʻi hamda Davlat aktivlari agentligi direktorining 2025-yil 29-yanvardagi 47xdfu-son buyrugʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat aktivlari agentligida Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining xodimlar va hududlarni tabiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Seminar Fuqaro muhofazasi instituti oʻqituvchisi polkovnik Aripov Eldor Kamilovich boshchiligida oʻtkazildi. U oʻz nutqida davomida ishchi-xodimlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida yongʻin oʻchirish mashgʻuloti tashkil etish, sohada qoʻllanilayotgan texnikalar va ularning imkoniyatlariga toʻxtaldi.
Tadbirda ishchi-xodimlarga yongʻinlar va turli xildagi favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishi va bunday hollarda qanday harakatlarni amalga oshirish lozimligi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berilib, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi.
Shuningdek, energiya manbalaridan foydalanish jihatidan Davlat aktivlari agentligi binosida quvvati 200 kVt/s boʻlgan quyosh elektr stansiyasi hamda 8 ta 200 litr hajmdagi geliokollektorlar oʻrnatilganligi haqida ta'kidlandi.
Seminar davomida harbiy qismlardagi binolar va harbiy shaharchalarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi, yashash xonadonlarida mavjud boʻlgan gaz va elektr moslamalaridan toʻgʻri foydalanish, ularni belgilangan muddatlarda texnik koʻrikdan oʻtkazish kabi zaruriy tushunchalar berib oʻtildi.
Tadbir yakunida yoqilgʻi moylash mahsulotlarini saqlash omborida shartli yongʻin komandasi berilib, birlamchi yongʻinni oʻchirishdagi harakatlanish tartibi toʻgʻrisida taqdimot orqali fikrlar almashildi hamda xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga toʻliq javoblar olishga muvaffaq boʻldilar.