Yangiliklar

26 Sentyabr 2025

“Boysunkoʻmir” MChJni ochiq savdo jarayonida 4 nafar xalqaro va mahalliy kompaniyalar qatnashmoqda

Joriy yil 15-avgustdagi eʼlonga muvofiq“Boysunko‘mir” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda — Korxona) sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

 

Oʻtgan davrda, mazkur xususiylashtirish jarayoni boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot tadbirlari doirasida,  Davlat aktivlari agentligi tomonidan jalb etilgan “Alkes Research” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsultant) tomonidan salohiyatli va moliyaviy investorlarga Korxona boʻyicha investitsiya tizerlari yuborildi.

 

Natijada, belgilangan muddat — 2025-yil 20-sentabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar 4 ta xalqaro va mahalliy investorlardan Korxonani sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI) Konsultantga kelib tushdi.

 

Konsultant tomonidan arizalar mazkur bosqichda belgilangan mezonlar asosida tahlil qilindi. Tahlil natijalariga koʻra, Konsultant tomonidan barcha talabgorlar ushbu mezonlarga toʻliq muvofiq deb topildi hamda xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi. Talabgorlarga jarayon toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumot alohida individual xat (Process Letter) orqali Konsultant tomonidan yuboriladi.

 

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida:

 

Korxonani sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan barcha talabgorlar:

  • Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolashlari talab etiladi;
  • Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyatiga oid maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyati yaratiladi;
  • Korxonaga tashrif buyurgan holda boshqaruv organi va uning faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Konsultant tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2025-yil 27-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti) ga qadar qabul qilinadi.

 

Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

 

“E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xat (Process Letter) orqali yetkaziladi.

 

Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayonlariga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Korxonani sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

 

Diskleymer

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligi va “Alkes Research”ning Korxonaning sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi va “Alkes Research” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) savdo jarayonlarining bosqichlari boʻyicha oʻzgartirish kiritish;

(iii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi va “Alkes Research” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iv) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(v) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

2 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech